SO?NGGI UCH YIL, SO?NGGI UCH NUTQ: XALQ MANFAATLARI AKS ETGAN MAQSADLAR

23.01.2020 10:49

Mamlakatimizda o‘tgan yil dekabr oyida tashkil etilgan parlament saylovi ochiqlik va oshkoralik tamoyili asosida hamda kuchli raqobat muhitida o‘tdi. “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostidagi muhim siyosiy jarayonda nomzodlarning deputatlik mandatiga erishishi oson kechmadi. Bu esa demokratik jamiyat uchun tabiiy voqelik sifatida baholanadi.

Saylov natijalari raqobatga asoslangan milliy parlamentni shakllantirish imkonini berdi. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib e'tirof etilmoqda. Endilikda xalqimizning o‘zi ishonch bildirgan vakillardan umidi katta. Har bir deputat va senator esa mas'uliyatli va sharafli ishda – xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun bor kuch va g‘ayratini safarbar etishi darkor.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yangi tarkibdagi Qonunchilik palatasi va Senati birinchi majlislari, shuningdek, parlament palatalarining qo‘shma majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev saylov natijalari, xalq vakillarining ularga bildirilgan ishonch yukini oqlash mas'uliyati haqidagi chuqur ma'noga ega fikrlarini izhor qildi, parlament va hukumat oldida keyingi besh yilda turgan dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

 

Mamlakatimiz tarixida saylovlar ilk bor qizg‘in siyosiy kurashlar ostida o‘tgani bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, saylov kampaniyasi davrida hududlarda kamchiliklar kuzatildi. Bu, avvalo, ovoz beruvchilar ko‘rsatkichining ayrim hududlarda pastligi, bir necha kishi o‘rniga bir saylovchining ovoz berishga urinish holatlari yuz bergani, saylovchilar yagona elektron ro‘yxati tizimi bilan ishlashdagi nuqsonlarda namoyon bo‘ldi.

 

Siyosiy jarayon kuni nafaqat saylovchilar, balki nomzodlarning ishonchli vakillari ham ayrim o‘rinlarda saylov qonunchiligi va voqelikdan bexabar ekani ma'lum bo‘lib qoldi.

 

Tabiiyki, bu holatlar davlatimiz rahbari e'tiboridan chetda qolmadi va parlament palatalari majlislari chog‘ida yangi saylangan deputatlarga bunday muammolarni tahlil qilish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish topshirildi. Bu jarayonda xalqaro kuzatuvchilar taklif va tavsiyalarini inobatga olish zarurligi ta'kidlandi. Parlamentda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya tuzish tavsiya etildi. Buni dunyoga yuz tutayotgan O‘zbekistonda islohotlarni ochiq va oshkora o‘tkazishning amaliy kafolati deyish mumkin.

 

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat uchun qayta ochilib, faol tashqi siyosat yuritib kelmoqda. Bunda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Mamlakatimizda o‘tgan saylovlarda 10 ta xalqaro tashkilot, 50 ga yaqin xorijiy davlatlardan 825 nafar kuzatuvchi qatnashgani esa xalqaro hamjamiyatning yurtimizdagi o‘zgarishlarga qiziqishi katta ekanini ko‘rsatdi.

 

Xalqaro munosabatlarning joriy rivojlanish bosqichida hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, xalq diplomatiyasi mexanizmlari, parlamentlararo do‘stlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 28 ta parlamentlararo guruh mavjud ekani, shundan 24 ta guruh Senat bilan birgalikda tuzilgani bu borada ulkan salohiyat borligidan dalolat beradi.

 

Shu bois Prezidentimiz nutqida xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari ushbu guruhlar ishini muvofiqlashtirishi, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan sheriklikni kengaytirishga mas'ul bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

 

Xorijiy davlatlarda biror idora yoki davlat boshqaruvi tuzilmalari, ular rahbarlari faoliyatiga reyting va ma'lum mezonlar asosida baho beriladi. Bu xalqaro amaliyotga keng qo‘llaniladigan mexanizmdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev esa Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatiga baho berishning xalqona va fuqarolar manfaatidan kelib chiqib tashkil etish bo‘yicha taklif berdi. Ya'ni xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobil ilovalarni ishga tushirish zarur bo‘ladi.

 

Tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borishi, qonun loyihalarini muhokama qilishi va ular bo‘yicha o‘z fikr hamda mulohazalarini bildirishi mumkin. Shu tariqa, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho beradi. Buni chin ma'noda xalq hokimiyati – demokratiyaning milliy va xalqchil shakli, deyish mumkin.

 

Yurtboshimiz Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida ham parlamentning yuqori palatasi ekani nuqtai nazaridan bir qator masalalar haqida so‘z yuritdi. Xususan, Senatning BMT tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha tasdiqlangan indikatorlarga erishishi ustidan monitoring olib borishi zarurligini ta'kidladi.

 

Bugungi kunda davlatimiz rahbari hududlararo hamkorlikni rivojlantirish orqali joylarda aholi turmush sharoitini rivojlantirishga intilmoqda. Viloyatlarning mustaqil investitsiya jalb qilishi bo‘yicha tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Oliy Majlis Senati hududiy vakillik organi ekanini inobatga olib, ma'ruzada xalqaro aloqalarni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish Senatning muhim vazifasi bo‘lib qolishi qayd etildi.

 

Faol tashqi iqtisodiy siyosat yuritishda mamlakatimizning xorijdagi elchilarining o‘rnini alohida qayd etish kerak. Bu boradagi huquqiy asos O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi "O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas'uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan yanada mustahkamlandi. So‘nggi ikki yilda ushbu qaror ijrosi doirasida O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy sohalariga investitsiya jalb qilish va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Ammo tahlillar bu boradagi intilishlar natijalari bo‘yicha hisobdorlik tizimi xalq hokimiyati qaror topgan jamiyatga mos tarzda bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev elchilarni tayinlash Senatning vazifasi ekanini ta'kidlab, O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobоtini eshitish amaliyotini joriy etishni taklif etdi.

 

O‘zbekiston ulkan mehnat kapitali, mintaqada qulay geografik joylashuv, tabiiy resurslariga boy mamlakat. Shunga qaramasdan, mavjud salohiyatdan to‘laqonli foydalanishdagi natijani qoniqarli deya baholash mushkul. Buni uzoq yillar davomida xalqaro maydonda O‘zbekiston ijobiy imijini yetarli targ‘ib qilinmagani, rivojlangan davlatlar bilan faol xalqaro aloqalarga kirishilmagani bilan izohlash mumkin.

 

Senat majlisida Prezidentimiz tomonidan bunga alohida e'tibor qaratildi: Senatning xalqaro munosabatlar yo‘nalishidagi ish samaradorligini oshirish maqsadida har yili inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar o‘tkazishning maqsadga muvofiq ekani bildirildi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi O‘zbekiston rivojlanish yo‘lini ta'minlashda Hukumatning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Davlatimiz rahbari majlisda mamlakatda barqaror rivojlanishining mexanizmlarini mustahkamlash yuzasidan fikr bildirdi. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini bugungi 58 milliard dollardan besh yil ichida 100 milliard dollarga yetkazish, inflyatsiya darajasini 5 foizga kamaytirish zarurligi ta'kidlandi.

 

Darhaqiqat, 2019 yilda mamlakatimizda inflyatsiya darajasi yuqori ko‘rsatkichda qayd etildi. Buni Xalqaro valyuta jamg‘armasining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha iqtisodiy prognozlari ham ko‘rsatdi. Bu kabi holatni birinchi sababi sifatida mamlakatimizda investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyojning yuqori ekanini keltirish mumkin. Yillar davomida sarmoya kiritishda yig‘ilib qolgan muammolar tufayli ehtiyojni qoplash uchun ichki va tashqi moliyaviy manbalar jalb qilindi. Shuning uchun davlatimiz rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yillik hajmini 10 milliarddan 30 milliardgacha oshirish zarurligini qayd etdi.

 

Qayd etish kerak, buning uchun yetarli sharoit, salohiyat va qonuniy asoslar mavjud: Prezidentning 2019 yil 18 noyabrdagi “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta'minlash va ichki bozorni iste'mol tovarlari bilan to‘ldirishga xizmat qilmoqda. Ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish mexanizmining joriy etilgani ham quvonarli. “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarda havola shaklidagi normalar o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qoidalar belgilangani fikrimizga misol bo‘ladi.

 

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish iqtisodiy barqaror odimlashni ta'minlashda ustuvor hisoblanadi. Ulkan salohiyat, unumdor tuproq, serquyosh zamin saxovati va mehnatkash dehqon hamda fermerlar zahmati bunga to‘la imkon beradi. Ayni yutuqlar kelgusida boshoqli don hosildorligini 75 sentnerga yetkazish, ozuqa ekin maydonlarini 12 foizgacha oshirishga sharoit yaratadi.

 

Global sharoitdagi suv resurslarining kamayib borishi ulkan imkoniyatlar mintaqasi Markaziy Osiyo uchun ham xosdir. Davlatimiz rahbari esa mamlakat qishloq xo‘jaligida bu kabi taqchilliklar ta'sirining oldini olish uchun kelgusi besh yilda sug‘oriladigan yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish vazifasini belgiladi. Bu nafaqat O‘zbekiston, balki suv resurslari integratsiyalashgan mintaqa manfaatlariga ham birdek mosdir.

 

Gaz ham neft' mahsulotlari iqtisodiyot va aholi turmush sharoitida muhim o‘rin tutadi. Shu bois dunyoda ushbu qazilma boyliklariga ehtiyoj yuqori. Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston ushbu boyliklarni qazib oluvchi davlatlar reytingida o‘tgan yillar davomida kuchli yigirmatalikda qayd etildi. Ammo yana bir jihat: dunyoda kuchli sanoatlashgan va rivojlangan davlatlar qatorida, uni iste'mol qiluvchi mamlakatlar orasida ham O‘zbekiston yuqori o‘rinlarda qolmoqda. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ayni sohani isloh qilishga e'tibor qaratdi, Hukumatni chet el investorlari bilan birga tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga qaratilgan yangi yirik loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.

 

Sir emas, turizm sektori jahon iqtisodiyotida neft va kimyo sanoatidan keyin uchinchi o‘rinda turadigan muhim sohadir. Lekin sayyohlik sohasi tuganmas resurslar va doimiy daromad manbasi ekani nuqtai nazaridan istiqbolli hisoblanadi. Mamlakatimiz ulkan sayyohlik salohiyatiga ega ekanini inobatga olsak, yaqin yillarda xorijiy turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan manzil bo‘lishi shubhasiz. Buning uchun infratuzilmani yaxshilash, mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, transport tarmoqlarini rivojlantirish talab etiladi.

 

Islohotlar natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro reytinglarda yuqoriladi. Jumladan, “Davlat boshqaruvi indikatori”da 5 ta ko‘rsatkich bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshiladi, “Biznes yuritish” reytingining soliqqa tortish yo‘nalishida ham ijobiy natija qayd etdi. Prezidentimiz hukumat faoliyatiga ham shu kabi baholash mezonini joriy etishni taklif etdi, hududlarning rivojlanish indeksini ishlab chiqish lozimligini bildirdi.

 

So‘nggi uch yil, so‘nggi uch nutq. Ayni iboralar zamirida O‘zbekiston taraqqiyotining yaqin tarixi, yangi istiqboli aks etgan. Yangilanayotgan mamlakatimiz rivojlanishining muhim jihati sifatida Prezidentimiz nutqlarida qayd etilgan vazifalarni bajarish va xalq irodasini ro‘yobga chiqarish yangi tarkibdagi parlament va hukumatdan katta kuch va mas'uliyatni talab etadi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, 

 

“Dunyo” AA sharhlovchisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net