RESPUBLIKA IQTISODIYOTIGA TOʻGʻRIDAN-TOʻGʻRI XORIJIY INVESTITSIYALARNI JALB QILISH MEXANIZMLARINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA

30.04.2019 11:17

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish faoliyati samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati toʻgʻrisida xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va oʻzlashtirish sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining quyidagilar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini faollashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

kimyo va neft-gaz sanoati, mashinasozlik sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, bank-sugʻurta tashkilotlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish;

toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun tayyor investitsiya takliflarini ishlab chiqish;

investitsiya va biznes forumlar, taqdimotlar (“Road Show”) va marketing kampaniyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni tashkil etish.

2. Quyidagilar:

Investorlarga, shu jumladan, xorijiy investorlarga sotish uchun taklif qilinadigan xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Belgilangan tartibda sotiladigan davlat aktivlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Xorijiy investorlarga taklif qilinadigan investitsiya takliflari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

2019 yilda Oʻzbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etishi uchun tavsiya qilinadigan xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy forumlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi (A.N.Aripov) ikki hafta muddatda investorlarga sotiladigan xoʻjalik jamiyatlari davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini baholash va savdoga qoʻyish grafiklarini tasdiqlasin.

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasiga xoʻjalik jamiyatlari davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini xorijiy investorlarga sotish shartlari va usullariga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019 yil kuz faslida Toshkent shahrida Toshkent xalqaro investitsiya forumini (keyingi oʻrinlarda – Xalqaro investitsiya forumi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) 5-ilovaga muvofiq tuzilsin.

Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Tashkiliy qoʻmitaga (Aripov):

zarur hollarda, Xalqaro investitsiya forumini moliyaviy, yuridik va axborot jihatdan taʼminlash uchun yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish;

Xalqaro investitsiya forumi dasturi va uni oʻtkazishning aniq sanasi, shuningdek, unga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;

istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari boʻyicha dastlabki TIA va boshqa loyiha hujjatlarini loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda ishlab chiqishni taʼminlash huquqi berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi istiqbolli investitsiya loyihalarini Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qilgan holda tadbirkorlik subyektlarining Xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etishlarini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi:

2019 yil davomida muntazam ravishda yirik xalqaro biznes va moliyaviy xablarga maqsadli auditoriya uchun moʻljallangan taqdimotlar bilan tashrif buyurgan holda “Road Show”dasturlarini ishlab chiqsin va taqdim etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida investitsiyaviy rezidentlik toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda marketingning eng yangi texnologiyalaridan foydalanish, mamlakatning yagona integratsiyalashgan brendini yaratish va ilgari surish hamda strategik kommunikatsiyalar boʻyicha xalqaro maslahatchilarni jalb qilish orqali xalqaro biznes arenada Oʻzbekistonning ijobiy imijini ilgari surish boʻyicha “Invest in Uzbekistan” – yagona, muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasini ishlab chiqsin.

9. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziriS.U.Umurzakov zimmasiga – vazirlik va idoralarning Xalqaro investitsiya forumi doirasida xorijiy investorlarga taklif qilinadigan investitsiya loyihalarini tayyorlash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X.Kamilov va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari zimmasiga – Xalqaro investitsiya forumida qatnashishi uchun potensial investorlar va xorijiy mamlakatlarning ishbilarmon tuzilmalari vakillarini taklif qilish va ularning faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan;

tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari zimmasiga – tegishli sohalarda istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qilish yuzasidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – Xalqaro investitsiya forumida tegishli hududlarning faol ishtirokini taʼminlash, uning investitsiyaviy salohiyatini taqdim qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

xorijiy mamlakatlarda “Road Show”da ishtirok etadigan Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi vakillariga koʻmaklashsin;

Xalqaro investitsiya forumining xorijiy ishtirokchilari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining viza talablariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalari belgilangan tartibda konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin;

Xalqaro investitsiya forumining oʻtkazilishini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali keng yoritishni taʼminlasin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har bir yer uchastkasi va xorijiy investorlarga foydalanishga tayyor holda taklif qilinadigan boʻsh turgan davlat mulki obyektlari, shu jumladan, maxsus turistik zonalar hududlarida joylashgan obyektlar boʻyicha investitsiya loyihalari materiallarining ingliz va rus tillaridagi taqdimot katalogini har oy tayyorlasin va kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

2019 yil 1 iyulga qadar xorijiy investorlar uchun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaviy talab va potensial loyihalar, zarur taqdimot materiallarini tayyorlasin;

2019 yil davomida mamlakatda keng miqyosli islohotlarning amalga oshirilayotganligi, investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ishbilarmonlik muhitining yaxshilanganligi toʻgʻrisida, eng avvalo, xorijiy ishbilarmonlar, tadbirkorlar, potensial investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targʻibоt va keng xabardor qilish masalalari boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Xalqaro investitsiya forumi doirasida, amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya loyihalarining dolzarb jihatlariga bagʻishlangan, shu jumladan, tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mutaxassislar va tadbirkorlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining ishtirokida brifinglar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlarini oʻtkazsin;

Internet tarmoqlarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tarmoq islohotlari, har bir amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining asosiy parametrlari, loyihalarni amalga oshirish kafolatlari, ularning raqobatdagi ustunliklari va boshqalar toʻgʻrisida batafsil va tushunarli rasmiylashtirilgan axborot resurslarini tayyorlash borasidagi ishlarning muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

 13. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Xalqaro investitsiya forumini oʻtkazish kunlarida xorijiy ishtirokchilarning tegishli hududlarda joylashgan madaniy-tarixiy obyektlarga tashrifini yuqori darajada tashkil etish choralarini koʻrsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Xalqaro investitsiya forumi va “Road Show”ni oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi vakillarining xalqaro investitsiya va biznes forumlarda ishtirokiga oid tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

 15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2019 yilda ishlab chiqilishi lozim boʻlgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga mazkur qarorning 7-ilovasida nazarda tutilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining toʻlaqonli bajarilishi uchun zarur boʻlgan moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarni oʻz vaqtida amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 sentyabrdagi PQ–3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxati quyidagi mazmundagi 31 va 32-bandlar bilan toʻldirilsin:

“31. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boʻlinmalariga, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan xususiylashtiriladigan yoki xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlariga davlat ulushi sifatida oʻtkaziladigan davlat aktivlarini baholash xizmatlari.

32. Davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish hamda mahalliy

va xorijiy fond birjalarida IPO (SPO) boʻyicha emissiyalarni joylashtirish uchun jalb qilinadigan investitsiya vositachilari, maslahatchilari, shu jumladan, xorijiy maslahatchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy boʻlinmalariga koʻrsatadigan xizmatlari”.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.M.Gʻaniyev va J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti             Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

 

2019-yil 29-aprel

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net