O?ZBEKISTON VA SAUDIYA ARABISTONI O?RTASIDAGI HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

13.06.2019 11:57

O‘zbekistonning Riyoz shahridagi elchixonasi vakillari Saudiya Arabistoni Podshohligi Savdo-sanoat palatalari kengashida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari Ulug‘bek Maqsudov podshohlik Savdo-sanoat palatalari kengashi bosh kotibi Saud bin al-Mashariy bilan uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ko‘lami, jumladan, xorijlik tadbirkorlar bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, ularning samarali faoliyati uchun yaratilayotgan qulay investitsiyaviy muhit haqida batafsil ma’lumot berdi.

S.al-Mashariy o‘z navbatida Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi o‘zgarishlar jarayonini katta qiziqish bilan o‘rganayotgani, istiqbolli hamkorlik loyihalari bo‘yicha izlanishlar olib borayotganini ta’kidladi. “So‘nggi yarim yil davomida ikki marta tadbirkorlar va sarmoyadorlar delegatsiyalariga rahbarlik qilib, O‘zbekistonda bo‘ldim. Toshkent shahrida o‘tkazilgan biznes-forum va Urganch shahrida tashkil etilgan «Invest in Khorezm» xalqaro investitsiya anjumani vakillarimizning mamlakatingizdagi islohotlar ko‘lamiga ishonchini yanada oshirdi”, deb ta’kidladi u.

Uchrashuvda yaqinda Namangan shahrida o‘tkazilgan «Invest with Namangan» xalqaro forumi doirasida 300 million dollardan ziyod miqdorda bitim va shartnomalar imzolangani ham xorijlik sarmoyadorlarning O‘zbekiston bilan hamkorligi izchil rivojlanayotganidan dalolat ekani qayd etildi. Bunday xalqaro investitsiya anjumanlarini tashkil etish tajribasi mamlakat hududlarida sanoatni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyotning jadal sur’atlar bilan o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bildirildi.

Muloqot doirasida saudiyalik tadbirkorlarga Xorazm va Namangan viloyatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsion loyihalar taqdim etildi. Savdo-sanoat palatalari kengashining bosh kotibi mazkur loyihalar O‘zbekistonda yangi korxonalar tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishini ta’kidlar ekan, Saudiya Arabistoni ishbilarmon va sarmoyadorlari ularni o‘rganib chiqib, o‘z takliflarini berishini aytdi.

Uchrashuvda Xorazm viloyati delagatsiyasining Saudiya Arabistoni va saudiyalik tadbirkorlarning Namangan viloyatiga tashriflarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi. S.al-Mashariy O‘zbekiston tadbirkor ayollar uyushmasi a’zolari va Podshohlik ishbilarmon ayollari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni hukumatlararo qo‘shma komissiyasining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish, Ishbilarmonlar kengashini tuzish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
 
Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro tashriflari va hamkorligi izchillashgani samarasida 2019 yil yanvar–may oylarida o‘zaro savdo-sotiq hajmi o‘sgani kuzatildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net