O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Kossan Rubber Industries Berhad" kompaniyasining asoschisi va bosh ijrochi direktori Lim Kuang Sia bilan uchrashuv o'tkazdi
Unda O'zbekistonda tibbiy va maishiy qo'lqoplar, texnik rezina buyumlarini hamkorlikda ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbatdosh O'zbekiston iqtisodiyoti muntazam rivojlanib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida eng jozibador mamlakatga aylanganligini va mamlakatlarimiz o'rtasida o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini e'tirof etdi.
"Kompaniya Malayziyada lateks va nitril qo'lqoplar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonalardan biri bo'lib, sohada dunyoning eng yirik 10 ta ishlab chiqaruvchilar qatoridan o'rin olgan. Dunyoda raqobatbardoshlikni ushlab turish maqsadida kompaniya ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalarni doimiy ravishda joriy qilib boradi. Xususan, 2017-yilda birinchilardan bo'lib "Halol" sertifikatlangan qo'lqoplar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi", dedi Lim Kuang Sia.
Malayziya tomoni bilan O'zbekistonda bir martalik tibbiy va maishiy qo'lqoplar, turli xildagi rezinotexnika buyumlar ishlab chiqarish, korxonalarga imtiyozli shartlarda lateks xom-ashyosini yetkazib berish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish yuzasida fikr almashildi.
Kompaniya rahbari mamlakatimiz bilan o'zaro manfaatli hamkorlik qilish imkoniyatlarini o'rganib chiqish uchun kelgusi yilda kompaniya mutaxassislarini O'zbekistonga xizmat safariga yuborishga tayyorligini bildirdi.
"Kossan Rubber Industries" kompaniyasi 1979-yilda Lim Kuang Sia tomonidan asos solingan. Kompaniya yiliga 25 milliard dona tibbiyot va maishiy qo'lqoplar, 10 ming tonnadan ziyod kauchuk (rezina) mahsulotlari ishlab chiqaradi va dunyoning 90 ta davlatiga eksport qiladi. Kompaniya tarkibida 30 dan ortiq shoʻba korxonalar mavjud. Ularda 5000 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda.