O'zbekiston elchixonasida Malayziyaning "TNB Power Generation Sdn. Bhd." ("TNB Genco") kompaniyasining rivojlanish masalalari bo'yicha direktori Shaxrir Abdul Latif bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
Unda O'zbekistonda energetika sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Shaxrir Abdul Latifning aytishicha, "TNB Genco" kompaniyasi Malayziyada eng yirik elektr ishlab chiqarish quvvatlariga ega. Mamlakatda 2023-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmining 51,1 foizi mazkur kompaniya hissasiga to'g'ri keldi.
Malayziya tomoniga mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya, ayniqsa shamol va gidroenergiya sohasida istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish uchun qator imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.
Shuningdek, elektr energiyasini uzatish, taqsimlash va iste'molchilarga yetkazish, elektr stansiyalariga muhandislik va texnik xizmatlar ko'rsatish sohasida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shaxrir Abdul Latif bugungi kunda O'zbekistonda "yashil" energiya sohasida ulkan imkoniyatlar mavjudligini e'tirof etib, elchixona tomonidan bildirilgan takliflar kompaniya mutaxassislari tomonidan o'rganilishi va natijasi bo'yicha tegishli takliflar ishlab chiqilishini ma'lum qildi.
"TNB Genco" kompaniyasi 2019-yil 1-avgustda "Tenaga Nasional Berhad" korporatsiyasi tomonidan asos solingan. Kompaniya Malayziyada 3 ta gidroelektr stansiyasi, 6 ta gaz-turbinali elektr stansiya va 3 ta ko'mir bilan ishlaydigan stansiya hamda 2 ta port terminaliga egalik qiladi. Ularda jami 3,4 mingdan ortiq ishchi-xodimning bandligi ta'minlangan. Kompaniyaning Pokiston, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Buyuk Britaniyada shamol va quyosh elektr stansiyalari mavjud.