Malayziyada ilk bor O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi ochildi

19.12.2024 04:12

Kecha Malayziyaning Petaling Jaya shahridagi "Paradigm Mall" savdo majmuasida "Made in Uzbekistan" yorlig'i ostidagi O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi savdo yarmarkasi ochildi

Tadbir O'zbekiston O'simliklar karantini va himoyasi agentligi boshchiligida respublikamizning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari vakillaridan iborat delegatsiyaning Malayziya biznes missiyasi doirasida tashkil etildi.

Savdo ko'rgazmasining ochilishi marosimida qishloq xo'jaligi mahsulotlari savdosi, ularni qayta ishlash bilan shug'ullanuvchi 60 dan ortiq mahalliy kompaniyalar, jumladan "Mydin", "NSK Malaysia", "Rosyam Mart" kabi yirik savdo tarmoqlari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev o'z nutqida, ishtirokchilarga yurtimizda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar, qishloq xo'jalik mahsulotlarini yetishtirishni kengaytirish orqali mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga qishloq xo'jaligida mahsulot ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash va eksport qilish sohasida yaratilayotgan shart-sharoitlar to'g'risida batafsil so'zlab berdi.

Malayziyaning Selangor shtati Qishloq xo'jalik departamenti rahbari Azaxar bin Hoshim o'z navbatida, ushbu muhim tashabbus uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. "Mazkur savdo yarmarkasi har ikkala mamlakat tadbirkorlari o'rtasida qishloq xo'jaligida yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining o'zaro manfaatli tarzda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishni kengaytirishda muhim rol o'ynaydi", - dedi u.

O'simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari o'rinbosari Ulug'bek Yunusov O'zbekiston rahbariyati tomonidan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar natijasida bu boradagi ko'rsatkichlar tobora oshib borayotganini ta'kidlash barobarida, mazkur savdo yarmarkasi malayziyalik tadbirkorlar bilan o'zaro manfaatli va uzoq muddatli eksport shartnomalarini ishlab chiqish hamda imzolash uchun qulay sharoit yaratishini alohida urg'uladi.

Mazkur savdo yarmarkasi nafaqat malayziyaliklarni O'zbekistonda yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan qishloq xo'jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan kengroq tanishtirish, balki ular bilan o'zaro manfaatli, uzoq muddatli eksport shartnomalarini ishlab chiqish va imzolashda muhim qadamlardan biri bo'lib xizmat qiladi.

Savdo ko'rgazmasi doirasida Malayziyaning yirik chakana savdo tarmoqlari va savdo kompaniyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar, O'zbekistondan kelgan tadbirkorlar uchun o'zbek mahsulotlarini Malayziya va Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlariga eksport qilishning asosiy jihatlari bo'yicha seminar-trening o'tkazish ko'zda tutilgan.

Mohdan bin Amran, Malayziya savdogarlari va tadbirkorlari uyushmasi boshqaruv kengashi a'zosi:

– Ushbu tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf. O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'rgazmasi o'zgacha zavq bag'ishladi. Bugungi savdo-yarmarkasi O'zbekiston va Malayziya tadbirkorlari uchun hamkorlik qilish hamda o'zaro manfaatli kelishuvlarga erishish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

O'ylaymanki, ushbu tadbir keyingi yillarda ham o'tkaziladi va mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro savdoni yana-da rivojlantirishga o'z hissasini qo'shadi.

Natxan, "Best Dairies Sdn Bhd" kompaniyasi bosh ijrochi direktori:

–O'zbekiston mahsulotlari yarmarkasida ishtirok etganimdan juda xursandman. Yarmarka yuqori darajada tashkil etilgan. O'zbekistondan olib kelgan sarxil mevalar bilan yaqindan tanishib chiqdim va menda ularni xarid qilish istagi uyg'ondi.

Kelajakda O'zbekistonga borib, mamlakatingizda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni Malayziyaga olib kelish imkoniyatlarini o'rganib va bu yo'nalishda o'z biznesimni yo'lga qo'ymoqchiman.

Akbar bin Moidunni, "MINC Corporate Consultants" kompaniya rahbari:

– O'zbekiston mahsulotlari savdo yarmarkasi juda yaxshi tashkil etilgan. Mamlakatingizdan keltirilgan mevalar o'zining o'zgacha ta'mi va sifati bilan menda katta taassurot qoldirdi.

Ishonamanki, bunday tadbirlar kelajakda O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Malayziyada yirik savdo rastalari va do'konlarida doimiy ravishda sotilishiga turtki bo'ladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net