Qisqa muddatli kurslar o?qituvchilarga nima berdi?

24.08.2022 21:36

Tabiiy fan (SCIENCE) amaliyotga kiritilishidan oldin xalqaro amaliyot, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xususiy va xorijiy maktablar tajribasi o‘rganildi.

Yangi fan o‘quvchilarni kichik yoshidan tabiiy fanlarni o‘qishga rag‘batlantirish, ularda olam haqida yaxlit tasavvur paydo qilishga yordam beradi. Bu bilan bola tabiiy fanlar, jumladan, fizika va kimyo qiyin emas, balki qiziq fanlar ekanini anglaydi, uni o‘rganishga o‘zida rag‘bat sezadi.

Tabiiy fan (SCIENCE) qaysidir fandan voz kechish yoki qaysidir fanning o‘rniga joriy etilayotgani yo‘q. Aksincha, u ta’lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarni integrativ tarzda o‘qitilishini ta’minlaydi.

Savol tug‘iladi. Endi bu yangi fan, Tabiiy fanlardan qaysi o‘qituvchilar dars beradi?

Agar boshlang‘ich sinflar darsliklari bolalar uchun jozibali, qiziqarli, rang-barang qilib ishlab chiqilsa, fanni o‘rganish o‘quvchilarga oson bo‘ladi. 

Xuddi shuningdek, fanni o‘qitish uchun eng maqbul metodlarni, tavsiyalarni o‘z ichiga olgan o‘qituvchilar uchun ham alohida metodik qo‘llanma – o‘qituvchi kitoblari ishlab chiqiladi. Ular yordamida dars berish ustozlar uchun ham og‘ir bo‘lmaydi.

1-4-sinflarda tabiiy fanni o‘qitish boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yuklatilishi tavsiya etiladi. Hozir ham «Atrofimizdagi olam» fanidan asosan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari dars berib kelmoqda.

Ayni paytdagi darsliklarda ayrim mavzular o‘qish, «Atrofimizdagi olam», odobnoma fanlarida ham aynan takrorlangan. Tabiiy fan (SCIENCE)da mavzular boshqa fanlar bilan bir-birini mantiqiy to‘ldiruvchi, fanlararo uzviylikni ta’minlagan holda ishlab chiqiladi.

Ona tilida biror mavzudagi matnning mantiqiy jihati, tabiiy fanda esa matnda keltirilgan hodisa, jarayon yoki o‘rganish predmetining tabiiy xususiyatlari o‘rganiladi. 5-sinfda tabiiy fan 3 soat o‘qitilishi va uni biologiya, geografiya va iqtisod fani o‘qituvchilari, shuningdek, 6-sinfda biologiya, geografiya, fizika fanlari o‘qituvchilari o‘tishi tavsiya qilinmoqda.

Buni aniqlash uchun o‘qituvchilar bilan ishlanadi. Ularning malakasini oshirish, qayta tayyorlash orqali ular shu darslarni o‘tishga tayyorlanadi. Bunday imkoniyat ularga maxsus maqsadli o‘quv kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2021 yil 24 dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2022-2023 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 414-son buyrug‘ida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining boshlang‘ich 3-sinf rahbarlari va 6-sinf fizika, biologiya va geografiya fanlari o‘qituvchilari uchun Tabiiy fan (Science)ning mazmun-mohiyati bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish, o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan o‘qituvchilarga sertifikat berish vazifasi belgilangan edi. Buning ijrosi bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti, Respublika ta’lim markazi va YUNISEF xalqaro tashkiloti hamkorligida umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi asosida Tabiiy fanlar (Science)ni maktabda sifatli o‘qitish bo‘yicha YUNISEF, Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda hududlardan taklif etilgan mutaxassislar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. O‘quv yakunida Tabiiy fanlar bo‘yicha Milliy o‘quv dasturini o‘qitish bo‘yicha 50 nafar trener tayyorlandi. Mazkur trenerlar Milliy o‘quv dasturi asosida maktabda Tabiiy fanlar (Science)ni sifatli o‘qitish bo‘yicha o‘qituvchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarida trenerlik qiladi.

Tabiiy fanlar 1-6-sinflarda o‘qitiladi va bu jarayonda tizimdagi 503,0 ming nafar o‘qituvchining 181,1 ming nafari, ya’ni 35 foizi ishtirok etadi.

Jumladan, boshlang‘ich ta’lim (117,7 ming), biologiya (19,1 ming), geografiya (15,0 ming), fizika (15,9 ming), kimyo (13,6 ming) o‘qituvchilarning malakasini qisqa muddatda oshirish talab etiladi. Bunday intensiv o‘qitishni tashkil etishda nafaqat metodistlar, hududiy Pedagogika milliy markazlari professor-o‘qituvchilariga tayanish, balki, raqamli texnologiyalardan foydalanish-strategik to‘g‘ri yo‘l bo‘la olardi.

Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi MTI tomonidan maqsadli va qisqa muddatli o‘quvlarni tashkil etish uchun yaratilgan uzlms.uz platformasi o‘qituvchilarning katta kontengentini qisqa muddatda o‘qitish imkoniyatini berdi.

Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan 3- va 6-sinflarda 2022/2023 o‘quv yilida Tabiiy fandan dars beradigan 48,0 mingdan ortiq o‘qituvchilar ro‘yxati shakllantirilib, ular mazkur platforma orqali o‘quv yili boshlangunga qadar o‘qitilishi zarur edi.

Milliy o‘quv dasturi asosida Tabiiy fanlar bo‘yicha qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida o‘qitishni tashkil etish maqsadida institut tomonidan YUNISEF bilan hamkorlikda 72 ta videodars, ma’ruza matnlari, taqdimotlar, videokurslar va har bir mavzu yuzasidan test savollari banki yaratildi hamda uzlms.uz elektron platformaga joylashtirildi.

Jarayonga 48,0 ming nafar o‘qituvchini jalb etish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda mazkur kursda o‘qish uchun platforma orqali jami 78,0 mingga yaqin (rejaga nisbatan 165%) o‘qituvchi, jumladan, 27 308 nafar boshlang‘ich 3-sinf rahbarlari va 25 364 nafar 6-sinf (geografiya, biologiya, fizika) o‘qituvchilari ro‘yxatdan o‘tib, o‘qimoqda.

Tinglovchilarga institut mutaxassislari tomonidan 24/7 tartibida texnik ko‘mak berib borilmoqda. 

Hozirgi kunga kelib ushbu telegram guruhda 47 000 ga yaqin tinglovchi a’zo, shu kunga qadar 540 000 dan ortiq murojaatlarga javoblar berildi. Ushbu guruhni yuritib borish uchun jami 12 nafar institut xodimi jalb qilinib, har kuni soat 8:00 dan kechki 24:00 ga qadar 16 soat davomida faoliyat yuritadi. 

Kurslar boshlanganiga 25 kun bo‘ldi, 2022 yil 22 avgust holatiga ko‘ra 34,8 mingdan ortiq o‘qituvchi malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikatga ega bo‘ldi.

Tabiiy fanlar (Science) qisqa muddatli o‘quv kursida o‘qigan o‘qituvchilarning kurs haqidagi fikr va mulohazalarini o‘rganish maqsadida platformada imkoniyat yaratilgan bo‘lib, u orqali berilayotgan fikrlar va takliflar o‘rganilmoqda, ular asosida malaka oshirish kursi mazmuni boyitib borilmoqda.

bugungi kungacha mazkur imkoniyatdan foydalangan holda 1386 nafar o‘qituvchi (sertifikat olganlarning 4%) kurs mazmuni, platforma imkoniyatlari va tinglovchilarga ko‘rsatilayotgan texnik ko‘makka nisbatan o‘z fikrlarini qoldirgan.

O‘qituvchilarning 96,03 taqdim etilgan mazkur kursni 5 ballga (5 ballik shkalada) baholagan.

Tinglovchilar tomonidan bildirilgan fikrlardan o‘qituvchilarning katta kontengentini ta’lim mazmunidagi yangiliklar bilan tanishtirish, ularga o‘qitishning yangi metodikalarini o‘rgatishda vaqt, mablag‘larni tejash va raqamli resurslardan samarali foydalanish, o‘qituvchilarda o‘z ustida ishlash va bunda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish madaniyatini oshirishga erishish mumkin, degan xulosa kelib chiqadi.

Bundan tashqari, o‘qituvchilarga uzluksiz kasbiy rivojlanishda manzilli ko‘maklashish va kelgusida bunday loyihalarni amalga oshirishga ishonchi ortishi, o‘qituvchi mahoratini oshirish orqali maktabda fanlarni sifatli o‘qitish va natijada o‘quvchilarni hayotga samarali tayyorlash imkoniyati yaratiladi.

 

Ayubxon Radjiyev, 

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti direktori.

O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net