Baxtim, gʻururim va... ogʻrigʻimsan, ona tilim!

19.10.2022 10:06

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir. 

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Soʻzlashish qobiliyati — mavjud neʼmatlar ichida eng qimmatlisi, sharaflisi. Bugun inson erishgan taraqqiyot, maʼnaviy-madaniy boyliklarning birortasini til ishtirokisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Aristotel mashhur “Tabiatga taqlid” nazariyasida insoniyatning ilk soʻzlari tabiiy tovushlarga taqlid natijasida yuzaga kelgan, deb tushuntiradi va bu holni ong bilan izohlaydi.

Ammo yuqoridagi gap anchayin bahsli. Vohada tugʻilib oʻsganim uchun bolalik hayotim hayvonlar orasida oʻtgan. Otdan yiqilganimda ot menga qoʻshilib yigʻlagani, it xursand yoki xafa boʻlganiga koʻp bora guvoh boʻlganman. Ularning ong darajasini ikki yoshli goʻdakdan past deya olmaymiz. Biroq goʻdakdan farqli oʻlaroq, ularda biror marta gapirishga istak, urinish koʻrmadim.

Insondagi soʻzlashish qobiliyati tugʻma yoki keyin shakllanishi borasida ham koʻp ehtimollar mavjud boʻlsa-da, dunyo olimlari umumiy xulosaga kelmagan. Shunga qaramay, insonda nutq bilan taʼminlaydigan psixofiziologik lisoniy manba mavjud ekanini hamma eʼtirof etadi. Oddiyroq tushuntirganda, unda soʻz oʻrganish “nol”dan boshlanmaydi. Jumladan, amerikalik tilshunos va faylasuf Avraam Xomskiy taʼlimotiga koʻra, odamdagi lisoniy qobiliyat tugʻma hamda individual koʻnikmalarni oʻz ichiga oladi. Yaʼni inson tugʻma qobiliyatsiz gapirolmaydi va tushunmaydi, ayni paytda bu muhitning taʼsirisiz rivojlanmaydi ham.

Shu oʻrinda fandagi “olamning lisoniy manzarasi” iborasiga toʻxtalib oʻtish joiz. “Olamning lisoniy manzarasi” tushunchasi “olamning manzarasi”dan tushuncha sifatida farq qiladi. Deylik, olam manzarasi deganda, zamon va makonni tushunsak, olamning lisoniy manzarasi deganda, insonning mana shu zamon va makonga boʻlgan munosabatini tushunamiz. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, har bitta inson olamni oʻzining ilk soʻzni talaffuz qilgan, ilk soʻzlarni eshitgan ona tili, taʼbir joiz boʻlsa, ona madaniyatidan kelib chiqib anglaydi. (“Agar Nyuton inglizcha gapirib, inglizcha fikrlamaganida, uning koinot haqidagi kashfiyotlari ham bir qadar boshqacha boʻlardi!” Li Uorf Binjamin). Biz buni ommaviy qilib “milliylik” deymiz. Demak, farzandlarimizni boshqa tilni yaxshiroq oʻrgansin, deya rus, ingliz tilli bogʻcha va maktablarga topshirish ulardagi milliy tushunchalarga ham jiddiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Bugun yoshlar orasida millatimizga yot boʻlgan ayrim illatlarning ildiz otish negizi, tariximizga, qadriyatlarga nisbatan bepisandlik ildizi ehtimol mana shu yerda yotgandir...

Bir soʻz bilan aytganda, tilning qimmati, beqiyos sharafi, ulugʻligi biz uchun yuksak vazifalar ham tugʻdiradi. Ulardan yana biri oliy neʼmat — til oldidagi javobgarlik. Mantiqan qaraganda ham nima qimmat, bebaho hisoblansa, u asrabavaylashni, muhofazani talab qilmaydimi? Axir bejiz bir millat oʻzga millatni bosib olsa, avvalo, uning til va madaniyatini yoʻqotishga urinmagan. Tilni asrash — millatni asrash, tilni rivojlantirish — millatni rivojlantirish demak. Shuning uchun til va madaniyatimiz bilan bogʻliq muammolar, kamchiliklarni yashirmasdan roʻy-rost gapirish, ularni vaqtida hal qilish zarur. Bu ishni oʻzimiz qilmasak, biz uchun boshqa birov bajarmaydi.

Yana bir dolzarb masalaga eʼtiboringizni tortmoqchiman.

Shoir bobomiz Turdi Farogʻiy yozadi:

Tor koʻngilli beklar, “man-man” demang, kenglik qiling,

Toʻqson ikki bovli oʻzbek eli bu, tenglik qiling.

Misradan koʻrinib turibdi — “oʻzbek” nomi bilan birlashgan xalq uzoq tarixiy taraqqiyot taʼsirida, koʻplab urugʻ va qabilalarning birikuvidan tashkil topgan. Bu esa XII-XIV asrlarni oʻz ichiga oladi. Biroq bunda bitta aniqlik kiritilishi kerak boʻlgan nuqta bor. Biz xalqning yoshini har doim ham uning nomi bilan bogʻlashimiz xato. XII-XIV asrlar xalqimiz yoshini emas, nomining yoshini ifoda etadi, xolos. Aynan mana shunday holatni tilimiz bilan ham koʻrishimiz mumkin. Ayrim oʻquv qoʻllanmalar va internet manbalarga qarasangiz, oʻzbek tilining vujudga kelish (ayrim manbalarda shakllanishi) davri sifatida XI-XIX asrlar koʻrsatilganiga guvoh boʻlamiz. Toʻgʻri, bundan farqli tahlillar yoʻq emas. Xususan, filologiya fanlari doktori, professor Nasim Rahmonov “Ming yillik, tuman kunlik bitigim” maqolasida qadimgi turkiy-run yozuvini oʻzbek tilining tarixiy ildizi sifatida eʼtirof etib, tilimizning asl yoshini miloddan avvalgi III asrdan ham ilgariroqqa olib borib taqaydi. Fikrini asoslash uchun Oʻrxun-Enasoy obidalaridan topilgan Eletmish bilga xoqon bitik toshi va Moyun chur bitik toshini dalil qilib koʻrsatadi. Quyida maqoladan parcha keltiraman:

“Eletmish bilga xoqon bitik toshida bunday maʼlumot bor: “Bing yiliq tuman kunluk bitigimin, balgumin bunta yasi tashqa yaratdim, tolqu tashqa toqutdim”.

Moyun chur bitik toshida ushbu maʼlumot aynan takrorlanadi. Mana shu ikki parcha qadimgi turkiy til zaminida yotgan oʻzbek tilining miloddan avvalgi III asrdan ham ilgariroq shakllanganiga ishonchli, ayni paytda muhim tarixiy dalil sifatida eʼtirof etilishi kerak”.

Maqolada bitik toshdagi soʻzlarning fonetik oʻzgarishlarga uchragan bugungi oʻzbek tilidagi variantlari ham qoʻllaniladi. Biroq shaxsan oʻzimga bitikdagi soʻzlar izohsiz ham tushunarli boʻlgani uchun ularning tarjimasini keltirishni lozim topmadim. Endi professor Nasim Rahmonovning oʻz fikrini asoslamoqchi boʻlgan ikkinchi daliliga diqqat qiling:

“Ikkinchi dalil — boshqa xalqlarning tarixiy manbalarida qadimgi turkiy til haqida saqlangan maʼlumotlar, qadimgi turkiy tilga oid matn parchalari ham oʻzbek tilining tarixiy ildizi haqida soʻz yuritishga xizmat qiladi...”.

Maqola 2019-yilda eʼlon qilinganini eslatib, shu millatning farzandi, mana shu tilning bir egasi sifatida menda savol tugʻiladi. Ushbu mantiqli fikr nima uchun ommalashmadi? Ehtimol, bu borada qandaydir izlanishlar olib borilayotgandir-u, men bexabardirman. Lekin biz, yoshlar uchun asosiy oʻquv qoʻllanma boʻlib xizmat qilayotgan darslik kitoblardagi maʼlumotlar istibdod davridan buyon deyarli oʻzgarishsiz turishi achinarli, juda achinarli...

Ming afsus bilan oʻzimning til va millatimiz bilan bogʻliq yana bir ogʻrigʻimni aytib oʻtishim kerak, deb hisoblayman. Yaqinda til oʻrganishda yordam boʻlishi uchun ingliz, rus, turk tillarida soʻzlashadigan telegram guruhlarga qoʻshildim. Qoʻshilganim ziyoli qatlam emas, oʻquvchi, talaba va ishchilardan iborat ommaviy guruh edi. Bunda duch kelgan holatim meni lol qildi. Chunki har uchala guruhda ham hamma oʻz ona tili grammatikasiga qatʼiy amal qilar, vergul, soʻroq belgilarigacha qoʻllar, imlo xatolar deyarli uchramas edi. Bizda ham shundaymikan? Bugun ijtimoiy tarmoqlarda oʻtirgan ayrim yoshlarimizning savodsizlikning oliy namunasi boʻlmish xat-yozishmalarini oʻqib tushunish “alohida mutaxassislik” talab qilayotgani sir emas-ku?! Bunga qachon eʼtibor qaratamiz, qachon qatʼiy choralar koʻriladi? Nega ona tilimizga buncha eʼtiborsiz, buncha sustkashmiz? Nima uchun oʻzga millatlarda davlatning yuqori mansablariga saylanish uchun davlat tilini mukammal bilish asosiy talablardan biri hisoblanadi-yu, bizning qonunimizda bunday band yoʻq?.. 30 yildan buyon til targʻiboti deganda koʻcha-koʻylardagi ajnabiycha yozuv va lavhalarni oʻzbekchalashtirishni tushunamiz. Oʻzga davlatlarda, masalan, fransuzzabon mamlakatlar elchixonalari birgalikda oʻtkazadigan “Frankofon bahori” yoki Yevropa boshida turgan “Yevropa tillari kuni” kabi festival, katta-katta marafonlar oʻtkazish, tilimizning mamlakatdan tashqaridagi targʻiboti uchun ham koʻproq sarmoya ajratish, kerak boʻlsa, tilimizni koʻngilli boʻlib oʻrganadigan guruhlarni moliyaviy ragʻbatlantirish vaqti yetmadimikan? Yaponiya yoki Xitoydan kelib Navoiyni oʻrganayotgan, oʻzbek tilida biyron-biyron gapirayotgan chet elliklarni koʻrganimizda hayratga tushganimiz bor gap. Lekin ular tilimizga muayyan ilmiy doiradagina qiziqayotgani aniq. Biz esa bugun tilimiz va madaniyatimizning dunyo miqyosidagi oʻrni, nufuzini oshirish uchun uning chet ellardagi targʻibotiga koʻproq muhtojmiz.

Poytaxtdan mehmon boʻlib kelgan bir doʻstim qishlogʻimizdagi koʻpkari tomoshasini koʻrib: “Men hamma chapdast, dovyurak odamlarimiz Ikkinchi jahon urushi davrida oʻlib ketgan, ularni faqat kitoblarda oʻqish mumkin, deb yurardim!..” degan edi hayrat bilan.

Biz asli, doʻstim aytmoqchi, Turon dashtlarida ot surgan, dunyoning toʻrt yonini fath qilgan bobolarning avlodimiz! Biz asli, ilmu tafakkurga narvon qoʻygan, Gʻarbdan bir odim oldinda yurgan ajdodlarning davomchisimiz! Shunday boʻlib qolishi uchun, avvalo, tilimiz va madaniyatimizni asrashimiz, nainki asrashimiz, balki rivojlantirishimiz zarur. Toki til masalasida pala-partishlik davom etar ekan, boshqa sohalardagi kamchiliklar barham topmaydi.

Bayramali Qoʻldoshev,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

“Yangi Oʻzbekiston”

19.10.2022y.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net