Oʻzbekistonning yana bir tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi

07.06.2024 02:14

BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston taklifi bilan ishlab chiqilgan Markaziy Osiyoda giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurashishga qaratilgan rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi

Joriy yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bogʻliq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front boʻlib harakatlanish va hamkorlik qilishga tayyorligi” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.

Rezolyutsiyaga 30 dan ortiq aʼzo davlatlar hammualliflik qildi.

Hujjat loyihasini Bosh Assambleyada taqdim etar ekan, Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov rezolyutsiya konsepsiyasi Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi asosida ishlab chiqilganini alohida taʼkidladi. Jumladan, ushbu nutqda davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini qamrab oladigan Giyohvandlikka qarshi umumiy Harakatlar rejasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilganini alohida qad etish joiz.

Hujjatda Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024-2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiyaning asosini tashkil etuvchi konseptual qoidalar inobatga olingan.

Rezolyutsiyada taʼkidlanganidek, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekistonning yangi siyosati tufayli mintaqada yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Mintaqa davlatlarining mavjud ijobiy tajribasi asosida giyohvandlik muammosini hal qilishga global yondashuv doirasida giyohvandlikka qarshi samarali hamkorlikka intilishi taʼkidlangan.

Rezolyutsiyada aʼzo davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining giyohvandlikdan xoli jamiyatni faol targʻib qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarini, bu boradagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga sodiqligini, giyohvandlik bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qatʼiy intilishlarini ijobiy qayd etadilar.

Xususan, hujjatda giyohvandlik vositalari va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boʻyicha kompleks ishlarni amalga oshirish, strategik tashabbus va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Hududiy elektron maʼlumotlar bazasini joriy etish, soʻrovnomalar va tadqiqotlar oʻtkazish, axborot texnologiyalari hamda ijtimoiy tarmoqlardan giyohvandlik bilan bogʻliq jinoiy maqsadlarda foydalanishga qarshi kurashish, virtual valyutalarni tartibga solish, narkobiznes, jumladan, uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllari bilan aloqadorligi nuqtayi nazaridan moliyaviy asoslarga putur yetkazish kabi aniq amaliy choralar koʻrish muhimligiga eʼtibor qaratilgan.

Rezolyutsiya, shuningdek, aʼzo davlatlar, BMTning tegishli tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni giyohvand moddalar bilan bogʻliq muammolarni har tomonlama hal etishda Markaziy Osiyo boʻyicha hamkorlikni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashga chaqiradi.

Bosh Assambleya yalpi majlisi muhokamalarida delegatsiyalar rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlab, ushbu muhim rezolyutsiyani ilgari surishda Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar. Mazkur hujjat jahonda giyohvandlik muammosiga qarshi global kompleks kurashga katta hissa qoʻshishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, soʻzga chiqqan delegatlar Oʻzbekiston delegatsiyasining konsensus natijaga erishish uchun “oʻzaro maqbul murosa va yechimlar”ni topish boʻyicha izchil saʼy-harakatlarini taʼkidladilar. “Hujjatni ochiq, oshkora va inklyuziv tarzda koʻrib chiqish”, shuningdek uning konsensus asosida qabul qilinishi yaxshi ijobiy holat yaratishi va “BMTda giyohvandlikka qarshi boshqa tashabbuslar boʻyicha konsensusga erishish uchun yaxshi asos boʻlishi” bildirildi.

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net