Adabiy anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetining “Adabiyot tarixi va matnshunoslik” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov Alisher Navoiy ijodiga doir qiziqarli va batafsil ma’ruza qildi.
E’tirof etilganidek, buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish barobarida ularning asarlarini o‘rganish, ushbu merosdan Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishda foydalanish bugungi kunda g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Alisher Navoiydek buyuk siymolarning adabiy, ma’rifiy, ilmiy-ijodiy merosini targ‘ib etishda mamlakatimiz olimlari, adabiyot fidoyilari, yozuvchi va shoirlarining, ta’lim, ma’naviyat sohasi vakillarining munosib hissasi bor.
Atoqli olim Nurboy Jabborov Navoiy adabiy merosini faol tadqiq etish bilan birga, uni targ‘ib etib kelayotgan zahmatkash ziyolilardan biridir.
Nurboy domlaning “Maoniy ahlining sohibqironi” monografiyasi adabiyot muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan. Monografiyada Alisher Navoiyning shaxs va davlat arbobi sifatidagi fazilatlari, bunyodkorlik faoliyati yangi talqin asosida yoritilgan. Asarda ulug‘ bobokalonimizning irfoniy va adabiy-estetik olami bilan bog‘liq o‘ziga xos ilmiy qarashlar ilgari surilgan.
– Hazrat Alisher Navoiy – jahon badiiy-estetik tafakkurining ulkan namoyandasi, – dedi adabiyotshunos Nurboy Jabborov. – Shuningdek, jahon adabiyotida hazrat Alisher Navoiyga teng keladigan boshqa siymoni topish qiyin, deb o‘ylayman. Negaki, hazrat Alisher Navoiyning asarlarini mutolaa qilar ekansiz, undan “Dunyoning mohiyati nimadan iborat?”, “Inson kim, u nima uchun yaralgan?”, “Inson qanday oliy qadriyatlar egasi?” kabi savollarga to‘liq javob olasiz. Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni maqsad qilgan ekanmiz, albatta, hazrat Alisher Navoiydan saboq olishimiz kerak. Chinakam vatanparvar ham, haqiqiy yuksak ma’rifat egasi ham, buyuk mutafakkir ham, millatning sha’ni-sharafi, Vatanimiz nufuzini yuksaltirgan ham, uni yuksaltirishga da’vat etadigan ham Alisher Navoiydir.
Adabiy anjumanda ona tilimiz va milliy adabiyotimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan bobokalonimiz ma’naviy merosi xususida batafsil so‘z yuritildi.