
Rezolyutsiyada 10 iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan
7 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston va Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan “Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni” deb nomlangan rezolyutsiyani bir ovozdan maʼqulladi.
Rezolyutsiyaga 80 dan ortiq aʼzo mamlakatlar, shu jumladan Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Vengriya tomonidan hammualliflik qilgan.
Hujjat Oʻzbekiston rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi (2023 yil) va SHHTning Samarqand sammitida (2022 yil) umumiy xavfsizlik va farovonlik yoʻlida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatlarning saʼy-harakatlarini safarbar qilish toʻgʻrisida bildirilgan qarashlarini konseptual tarzda aks ettiradi.
Hujjatda dunyoda diniy va madaniy xilma-xillik muhimligi eʼtirof etilgan holda, barcha madaniyatlar va tamaddunlarning insoniyatni taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi ijobiy qayd etilgan. Turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasida bagʻrikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik ragʻbatlantiriladi.
Rezolyutsiyada sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, oʻzaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirish maqsadida 10 iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
“Dunyo” AA