JISMONIY SHAXSLAR TOMONIDAN SHAXSIY EHTIYOJLARI UCHUN TOVARLARNI OLIB OʻTISH TARTIBINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA

08.11.2019 16:59

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq, shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib oʻtiladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-yanvardan:

 notijorat maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish punktlari orqali qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi oʻrniga yagona bojxona toʻlovini toʻlashni nazarda tutuvchi bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi;

 jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qoʻl yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta joʻnatmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarish oʻrovining majburiy mavjudligi toʻgʻrisidagi talab oʻrnatiladi.

2. Belgilansinki, yagona bojxona toʻlovi bojxona toʻlovlari undirilmaydigan tovarlarni jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga olib kirishning cheklangan meʼyorlaridan ortgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda, cheklangan meʼyorlardan ortiq qismiga nisbatan undiriladi.

 Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3512-son qarorining 1-ilovasida nazarda tutilgan tovarlarni olib kirish meʼyorlardan ortgan taqdirda bojxona toʻlovlari umumbelgilangan tartibda toʻlanishi belgilansin.

3. Quyidagilar:

tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrammi uchun 3 AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda yagona bojxona toʻlovi stavkasi;

ilovaga muvofiq, Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlar roʻyxati tasdiqlansin.

4. Davlat bojxona qoʻmitasi:

a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlarning belgilangan maqsadini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish

va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni kiritsin;

b) ushbu qarorning mazmun va mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish hamda aholi eʼtiboriga yetkazishni taʼminlasin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi

Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti          Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

 

2019-yil 7-noyabr

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net