Kuala-Lumpur shahrida O'zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

01.02.2024 09:04

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan Malayziyaning ASEAN Savdo-sanoat palatasi (ASEAN Chamber of Commerce and Industry) bilan birgalikda O'zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda davomida Malayziya tomoniga O'zbekistonda milliy iqtisodiy taraqqiyotni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning huquqiy asoslari hamda mamlakatimizning investitsion salohiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Ikki davlat o'rtasidagi o'zaro hamkorlik istiqbollarini rivojlantirish, mamlakatimizda Malayziya kapitali ishtirokidagi qo'shma loyihalarni amalga oshirish, tomonlar manfaatli bo'lgan savdo shartnomalarini imzolash masalalari muhokama qilindi.

Malayziyaning tibbiyot anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Medisafe Technologies», Axborot kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan «Hightech Geodigital Sdn Bhd» korxonalari va kafeteriya tarmoqlari «Richiamo Coffee» kompaniyasi mamlakatimizda faoliyat yuritish imkoniyatlarini o'rganishga qiziqish bildirdi. Xususan, «Lintas Travels Sdn Bhd» kompaniyasi vakillari mamlakatimizga malayziyalik sayyohlarni olib kelishda o'zaro hamkorlik qilish va tegishli o'zbek kompaniyalaridan sherik topishda amaliy yordam so'radi.

Uchrashuv yakunida Malayziya kompaniyalari bilan qo'yidagi yo'nalishlarda qator kelishuvlarga erishildi:

- joriy yilning 28-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida bo'lib o'tadigan O'zbekiston-Malayziya biznes-forumida Malayziya kompaniyalarining faol ishtirokini ta'minlash;

- joriy yilning may oyida Toshkent shahrida O'zbekiston va Malayziyaning ASEAN Savdo-sanoat palatasi tarkibidagi kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda biznes-forum o'tkazish, mazkur tadbirga xorij tomonidan yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kamida 20ta kompaniyalarni jalb etish;

- oziq-ovqat, axborot texnologiyalari va tibbiyot anjomlari ishlab chiqarish yo'nalishida faoliyat yurituvchi O'zbekiston va Malayziya kompaniyalari o'rtasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida onlayn-uchrashuv o'tkazish;

- Kuala-Lumpurda o'tkazilishi rejalashtirilgan O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlarga Malayziya sayyohlik kompaniyalarini keng jalb etish.

ASEAN Savdo-sanoat palatasi 2017-yilda tashkil etilgan. Palataga oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, ta'lim, elektrotexnika va qishloq xo'jaligi sohasida faoliyat olib boruvchi 100 dan ortiq kompaniyalar a'zo hisoblanadi. Tashkilotning asosiy faoliyat turi xalqaro savdo va tijoratni rivojlantirish maqsadida "B2B" uchrashuvlar, ko'rgazma va yarmarkalar, seminar va biznes-forumlarni tashkillashtirish va Malayziyaning ishbilarmon doira vakillariga o'z faoliyat turlarini rivojlantirishga amaliy yordam ko'rsatishdan iborat.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net