
Shu yilning 23-25-avgust kunlari Malayziyaning Selangor shtatida bo'lib o'tgan Osiyo ziyorat turizmi va savdo ko'rgazmasida (Asia Islamic Tourism & Trade Expo – AITEX) mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligi, respublika turkompaniyalari va "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi bilan birgalikda O'zbekiston milliy paviloni tashkil qilindi
Malayziya Turizm agentliklari assotsiatsiyasi, Selangor shtati administratsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ko'rgazmada 150 dan ortiq turkompaniyalar va halol mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari hamda 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
Ko'rgazma doirasida O'zbekistonning turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi. Ishtirokchilarga respublikada sayyohlik sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, ziyorat turizmini rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil so'zlab berildi.
Tashrif buyuruvchilar Surxondaryo, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy hamda zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi, shuningdek, o'zbek xalqining milliy san’ati va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Malayziyadan Surxondaryoga ziyoratchilarni keng jalb qilish maqsadida mazkur hududdagi islom olamida mashhur qadimiy ziyoratgohlar, jumladan Sherobod tumanidagi Imom Termiziy, Oltinsoy tumanidagi So'fi Olloyor, Muhammad Mavlono Zohid, Alovuddin Attor, Hakim Termiziy ziyoratgohlari, Kokildor xonaqohi, Sulton Saodat majmuasi hamda Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, O'zbekiston milliy stendida mamlakatimizning "Grand Atlas Discovery", "Sherin Travel", "Antique Travel", "Binkat Travel Group", "Zilol Baht", "Boutique Hotel Medina" turkompaniyalari tomonidan respublikaning "ziyorat turizm", "tarixiy-madaniy turizm", "gastronomik turizm", "Umra+", "qishki turizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi sayyohlik dasturlari mahalliy aholi orasida keng targ'ib qilindi.
Ikki mamlakat turoperatorlari o'rtasida o'tkazilgan B2B shaklidagi uchrashuvlar davomida O'zbekistonga Malayziyadan sayyohlar oqimini oshirish va qo'shma turizm dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha fikr almashildi.
Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasining to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlari yo'lga qo'yilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida o'zbek milliy hunarmandchilik, yurtimizda ishlab chiqarilgan quruq mevalar va oziq-ovqat mahsulotlari namoyishi tashkil qilindi.