
Kecha O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Saylov komissiyasida O'zbekistondagi bo'lajak parlament saylovlariga tayyorgarlik jarayoniga bag'ishlangan brifing o'tkazdi.
Anjumanda Malayziya Saylov komissiyasi raisi Ramlan Xorun va ushbu tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Malayziya tomoniga O'zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ro'y berayotgan o'zgarishlar, konstitutsiyaviy islohotlar, parlament vakolatlarining kengayishi natijasida shakllangan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhit haqida ma'lumot berildi.
Shuningdek, O'zbekiston elchisi 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan muhim siyosiy tadbir - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik jarayoni hamda saylov kampaniyasidagi yangiliklar haqida batafsil to'xtalib o'tdi.
Xususan, O'zbekiston tarixida ilk bor parlament saylovlari aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazilishi, saylov komissiyalari faoliyati to'liq raqamlashtirilishi, va "E-Saylov" axborot tizimi yo'lga qo'yilishi alohida e'tirof etildi. Shu o'rinda, siyosiy vakillikdagi gender tenglikni ta'minlash maqsadida deputatlikka nomzodlar orasida xotin-qizlarning ulushi kamida 40 foizni tashkil etishi lozimligi ta'kidlandi.
Ramlan Horun O'zbekiston tomoni bilan hamkorlik aloqalarini ijobiy baholab, kutilayotgan saylovlar mamlakatda demokratik jarayonlarni yanada mustahkamlashga va aholi farovonligini oshirishda xizmat qilishiga umid bildirdi.
Tadbir yakunida O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Malayziya Saylov komissiyasi o'rtasida tajriba almashish hamda saylov qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha o'zaro hamkorlikni o'rnatishga kelishib olindi.