
Malayziyaning ommabop "Halal" jurnalida "Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasiga bag'ishlangan maqola bosildi
Unda ma'lum qilinishicha, shu yilning 21-23-noyabr kunlari "Central Asian Expo" (CAEx) xalqaro ko'rgazma majmuasi butun dunyo bo'ylab sayohat ixlosmandlari va sayyohlik sohasi mutaxassislari uchun diqqatga sazovor joy bo'ladi.
"Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — butun dunyo bo'ylab turizm sohasining yetakchi mutaxassislarini to'playdigan keng ko'lamli tadbirdir. Bu yerda o'nlab mamlakatlarning sayyohlik imkoniyatlari taqdimotlari, yuzlab mutaxassislarning uchrashuvlari va biznes muzokaralari, shuningdek turizmni rivojlantirishning asosiy masalalari bo'yicha xalqaro konferensiyalar o'tkaziladi", – deb yozilgan "Halal" maqolasida.
Maqolada, shuningdek, "1995-yildan beri "BMT Turizm" tashkiloti tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi jahon sayyohlik taqvimida muhim voqea bo'lib, har yili O'zbekiston poytaxtida o'tkaziladi. O'tgan yilgi yarmarkada 8 mingdan ortiq bitimlar imzolanib, turizm sohasi vakillari o'rtasida 20 mingdan ortiq muzokaralar o'tkazildi. Ushbu raqamlar Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining turizmni rivojlantirish katalizatori sifatidagi ahamiyatidan dalolat beradi", – deb ta'kidlangan maqolada.